2026-yil "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"

Breadcrumb Background
Asosiy sahifa Yangiliklar

Yangiliklar

Samarqand  shahar 35-umumiy o’rta  ta’lim maktabida Xotira va qadrlash kuni nishonlandi.

Bugun Samarqand shahridagi 35-sonli umumta’lim maktabida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Ajdodlar xotirasi mangu barhayot” deb nomlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bayramning asosiy bo‘g‘ini sifatida davrlarning uzviy bog‘liqligini ifodalovchi “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy muloqoti tashkil etildi.

Tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi - X. Nurullayev, Samarqand viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi - R. Sherov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professori - L. Rozikova ,  “Siyobcha” mahallasi raisi - U. Rozikov. shuningdek, Qurolli Kuchlar va mehnat faxriylari, mahallaning faxriy  faollari, pedagoglar hamda o‘quvchilar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqan mehmonlar Ikkinchi jahon urushi yillarida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan beqiyos jasoratni alohida ta’kidladilar. Uchrashuvning asosiy mazmuni — tarixiy haqiqatni asrab-avaylash hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash zarurligiga qaratildi.

Maktabning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan chiqishlar, xususan, “San’at g‘unchalari” respublika tanlovi g‘olibi, 8-sinf o‘quvchisi D. Omerovaning ijrosi bayramga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi.
Ushbu ulug‘ sanaga bag‘ishlangan “Eng yaxshi rasm” tanloviga yakun yasaldi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbir so‘ngida Qurolli Kuchlar va mehnat faxriylariga, shuningdek, “Siyobcha” mahallasi faxriy faollariga maktab ma’muriyati va mahalla rahbariyati tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Ushbu uchrashuv nafaqat o‘tmishga ehtirom ko‘rsatish, balki yoshlik g‘ayrati va keksalik hikmatini birlashtirib, o‘sib kelayotgan avlod tarbiyasi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.